“Andijon Invest Kompaniyasi” AJ rahbari A. Ikramov boshchiligidagi vakillar Vetnam Sotsialistik Respublikasining yirik diversifikatsiyalashgan investitsiya guruhi — ROX Group delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Delegatsiya tarkibida ROX Group kompaniyasining sanoat zonalarini tashkil etish va boshqarishga ixtisoslashgan ROX iPark kompaniyasi Bosh direktori Thuy xonim (Ms. Thuy), savdo bo‘yicha direktor Brian, investitsiyalar va mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha ekspert Nhung xonim, loyiha menejeri Bobur Lukmonov hamda ROX iPark kompaniyasi mutaxassisi Long ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida zamonaviy sanoat zonalarini tashkil etish va samarali boshqarish, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy investorlarni jalb qilish hamda ilg‘or boshqaruv tajribalarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Andijon viloyatida yangi sanoat hududlarini tashkil etish, istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish va ularni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.

Tashrif doirasida ROX Group vakillari “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi hamda “Andijon texnopark” maxsus sanoat zonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Ularga mazkur hududlarning mavjud infratuzilmasi, rezidentlar uchun yaratilgan sharoitlar va investitsion imkoniyatlar taqdim etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar sanoat zonalarini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishib oldilar.