Bugun Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi Oʻzbekiston–Amerika biznes uchrashuvida mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim strategik qadam qoʻyildi. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya AQShning nufuzli «Oppenheimer & Co. Inc.» xalqaro investitsiya banki vakillari bilan samarali muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi maslahatchisi Jasurbek Karshibayev, Andijon viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Akmaljon Toʻlanov, «Andijon Invest kompaniyasi» AJ rahbari Azizbek Ikramov hamda «Oppenheimer» kompaniyasi vakili Farhodbek Inogʻambayev ishtirok etishdi.

Muzokaralarning bosh maqsadi — Andijon viloyatining hududiy suveren yevrobondlarini (xalqaro obligatsiyalarini) xorijiy bozorlarga chiqarish orqali «Oppenheimer» institutidan 300 million AQSh dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya mablagʻlarini jalb qilishdan iborat.

Jalb etilayotgan yirik moliyaviy resurslar viloyatning infratuzilmaviy va iqtisodiy salohiyatini tubdan yuksaltirishga xizmat qiluvchi istiqbolli loyihalarga yoʻnaltiriladi